• Kartalar
  • Omonatlar
  • Menyu
  • Kredit
  • Chat

Yangiliklar

2026 yil 1 apreldan yangi tartib: eskrou hisob orqali xavfsiz bitimlar mexanizmi

1 apreldan mulk avtotransport vositasi sotib olishda yangi tartib qanday bo`ladi — bank, notarius va mijozlar uchun to`liq bosqichma-bosqich qo`llanma

2026 yil 1 apreldan yangi tartib kuchga kiradi va unga ko`ra ko`chmas mulk hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalarini sotish va sotib olishda barcha hisob-kitoblar bank va notarius orqali elektron tarzda amalga oshiriladi, ya’ni oldingidek qo`ldan-qo`lga pul berish amaliyoti bekor qilinadi va butun jarayon nazorat ostiga olinadi.

Bu tartibda asosiy “qoida” shuki, pul avval bankda eskrou hisobda saqlanadi va faqat shartnoma notarius tomonidan tasdiqlangandan keyingina sotuvchiga o`tkaziladi. Endi jarayonni to`liq tushunish uchun uni bosqichma-bosqich ko`rib chiqamiz


  1. Birinchi bosqich — xaridor bankka murojaat qiladi, ya’ni uy yoki mashina olishga kelishilgandan keyin bankka ariza berib, barcha ma’lumotlarni kiritadi: Shu yerda xaridor va sotuvchi haqida ma’lumotlar, ob’yekt (uy yoki mashina), shartnoma summasi va hisob raqamlar ko`rsatiladi va jarayon rasman boshlanadi.
  2. Ikkinchi bosqich — bank xaridor uchun maxsus eskrou hisob ochadi, ya’ni pul vaqtincha saqlanadigan alohida hisob yaratiladi: Bu hisobning asosiy ma’nosi shundaki, pul sotuvchiga darrov berilmaydi, balki xavfsizlik uchun bankda “muzlatib” qo`yiladi, shu bilan har ikki tomon himoya qilinadi.
  3. Uchinchi bosqich — xaridor kelishilgan pulni eskrou hisobga qo`yadi, ya’ni naqd yoki naqdsiz tarzda mablag`ni bankka kiritadi: Agar uy yoki mashina kreditga olinayotgan bo`lsa, kredit beruvchi bank bu haqda notariusga elektron xabar yuboradi va pul shartnoma tasdiqlangandan keyin o`tkaziladi, ya’ni oldin emas.
  4. To`rtinchi bosqich — pul eskrou hisobga tushgandan keyin xaridor va sotuvchi notariusga borib shartnomani rasmiylashtirishga murojaat qiladi: Bu yerda endi asosiy hujjat — oldi-sotdi shartnomasi tayyorlanadi.
  5. Beshinchi bosqich — notarius shartnomani tasdiqlashdan oldin bankdan elektron tarzda tekshirish qiladi, ya’ni hisobda pul bor yoki yo`qligini aniqlaydi. Bank bu so`rovga real vaqtda javob beradi. Agar pul yetarli bo`lmasa yoki eskrou hisob yopilgan bo`lsa, notarius shartnomani tasdiqlamaydi, ya’ni bitim amalga oshmaydi.
  6. Oltinchi bosqich — hammasi to`g`ri bo`lsa, notarius shartnomani tasdiqlaydi va bu haqda bankka elektron xabar yuboradi: Shu paytdan boshlab bitim rasmiy kuchga kiradi.
  7. Yettinchi bosqich — notarius tasdiq berishi bilan bank eskrou hisobdagi pulni avtomatik ravishda sotuvchining hisob raqamiga o`tkazadi: Bu odatda shu kuni yoki keyingi ish kunida amalga oshiriladi va jarayon inson aralashuvisiz dasturiy tarzda bajariladi.
  8. Sakkizinchi bosqich — sotuvchi o`z hisobiga tushgan pulni xohlasa naqd qilib olishi yoki hisobda qoldirishi mumkin: Ya’ni pul allaqachon rasman uning mulkiga aylangan bo`ladi.


Ushbu tartib ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan quyidagi transport toifalariga tatbiq etiladi:


▪️M toifa — yo`lovchi tashiydigan mashinalar, ya’ni oddiy yengil avto (Cobalt, Malibu, Tracker, elektromobillar, avtobuslar

▪️N toifa — yuk mashinalari (Isuzu, KamAZ va boshqalar)

▪️O toifa — pritsep va yarim pritseplar (treylerlar, fura pritseplari)

▪️G toifa — yo`ltanlamas mashinalar (Niva, Land Cruiser va boshqa 4x4 texnikalar)

Ya’ni amalda deyarli barcha turdagi transport vositalari ushbu tartibga tushadi. Agar qandaydir sabab bilan notarius shartnomani tasdiqlamasa, unda xaridor bankka murojaat qilib, eskrou hisobdagi pulni to`liq qaytarib olishi mumkin, ya’ni uning puli “qotib qolmaydi”.

Xaridor tomonidan eskrou hisobvarag`iga tushirilgan mablag` shartlar bajarilgandan so`ng sotuvchiga o`tkaziladi, va bu jarayonda sotuvchi uchun qulayliklar saqlanib qoladi.

Ya’ni sotuvchi pulni o`z xohishiga qarab bank kartasiga o`tkazib olishi, naqd shaklda yechib olishi yoki valyuta ko`rinishida qabul qilishi mumkin bo`ladi.

Shuningdek, mablag`ni kutib o`tirish shart emas — pulni o`sha kunining o`zidayoq olish imkoniyati mavjud bo`ladi.

Ma’lumot uchun: Pul eskrou hisobidan milliy valyutada tushadi — keyin esa o`sha bank orqali uni dollarga konvertatsiya qilish mumkin, ya’ni mablag` sotuvchi hisobiga to`g`ridan-to`g`ri dollarda tushmaydi.

Tariflar haqida ma'lumot

27.03.2026 18:02

Universalbank Telegram-kanaliga obuna bo`ling

Universalbank

Mobil ilovasini yuklab oling!