
Universal bank mahalliy bozorda 10 mln AQSH dollarlik obligatsiyalarni joylashtirmoqda
Universal bank mahalliy kapital bozorida umumiy qiymati 10 mln AQSH dollariga teng korporativ obligatsiyalarni joylashtirmoqda.
Emissiya doirasida nominal qiymati 100 AQSH dollaridan bo‘lgan 100 ming dona hujjatsiz shakldagi nomli obligatsiyalar chiqariladi. Obligatsiyalarning muomala muddati 730 kunni, kupon daromadliligi esa yillik 8,5 foizni tashkil etadi. Kupon to‘lovlari har 90 kunda amalga oshiriladi.
Obligatsiyalar «Toshkent» Respublika fond birjasining «Bond Market» obligatsiyalar bozorida ochiq obuna usulida, investorlar doirasi cheklanmagan holda joylashtiriladi. Emissiya bo‘yicha anderrayter va broker vazifasini «BIRINCHI BANKLARARO DEPOZITARIY» MCHJ bajarmoqda.
Joylashtirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida ma’lumot e’lon qilinganidan 15 kun o‘tgach boshlanadi va ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran 365 kalendar kun davom etadi.
Obligatsiyalar har bir foizli davrning birinchi kunida nominal qiymati bo‘yicha, keyingi kunlarda esa hisoblangan kupon daromadi qo‘shilgan holda sotiladi.
Ushbu emissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-254-son Farmoni bilan joriy etilgan «regulyativ qumdon» maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshirilmoqda.
Valyutadagi obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish va muomalada bo‘lish tartibi Adliya vazirligida 2026-yil 29-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan nizom bilan belgilangan. Mazkur tartibga ko‘ra, bir emitentning muomaladagi valyutali obligatsiyalari umumiy hajmi 50 mln AQSH dollaridan oshmasligi lozim.
Shu tariqa, Universal bank mahalliy kapital bozorida xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni joylashtirish orqali investorlar uchun yangi moliyaviy instrumentlarni taklif etmoqda.
20.08.2026 13:00








